Bog'lanish

Telefon
(+998 66) 233-13-59

Elektron manzil
samarqand@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

01

Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni dunyoda qanday nishonlanadi?


Inson farzandi uchun yashaydi, dilbandlariga umrini baxshida etadi. Shu oʻrinda 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni tarixi haqida qisqacha maʼlumot beramiz.

“Xalqaro bolalarni himoya qilish kuni” 1925-yilda Jenevada bolalar farovonligi boʻyicha butunjahon konferensiyasida eʼlon qilingan. Shundan buyon, jahonning koʻplab mamlakatlarida 1-iyun kuni nishonlanadi.

Ammo “Bolalar kuni” 1857-yil iyun oyining ikkinchi yakshanbasida AQSHning Massachusets shtati, Chelsi shahridagi Universalist cherkovi pastori, doktor Charlz Leonard tomonidan boshlab berilgan boʻlib, bu kun “atirgul kuni” deb ataladi. Lekin keyinchalik esa “bolalar” kuni deb nomlana boshlangan.

“Bolalar kuni” birinchi marta Turkiya Respublikasi tomonidan 1920-yil 23-aprelda rasmiy ravishda milliy bayram deb eʼlon qilingan. Mamlakatda “bolalar kuni” 1920-yildan beri milliy miqyosda nishonlanib kelinmoqda, hukumat va oʻsha vaqtdagi gazetalar bu kunni “bolalar uchun kun” deb eʼlon qilgan edi. Bu boradagi rasmiy hukumat deklaratsiyasi 1929-yilda Turkiya Respublikasining asoschisi va Prezidenti Mustafo Kamol Otaturk tomonidan eʼlon qilindi.

1-iyun – Xalqaro bolalar himoya qilish kuni dunyoning 50 ga yaqin mamlakatlarida nishonlansa ham, boshqa koʻplab davlatlarda har yili 20-noyabr kuni “Xalqaro bolalar kuni” sifatida birdek nishonlanadi.

1959-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari deklaratsiyasi” 1989-yil 20-noyabrda “Bola huquqlari toʻgʻrisidagi konvensiya” Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan qabul qilindi hamda bu kabi muhim xalqaro hujjatlarning qabul qilinishi jahonning keng jamoatchiligi tomonidan iliq kutib olindi.

Xalqaro YUNISEF tashkiloti ham jahonning ming yillik dasturlarini ishlab chiqishda ham faollik koʻrsatib, bolalarning ehtiyojlariga mos keladigan sakkizta maqsadlarni ming yillik dasturlarga kiritishga erishdi.

Umumjahon bolalar kuni bu nafaqat bolalarni kimligini nishonlash kuni, balki butun dunyo boʻylab zoʻravonlik, ekspluatatsiya va diskriminatsiya shaklida zoʻravonlikka duch kelgan bolalarni himoya qilishga ham chorlaydi.

Baʼzi mamlakatlarda bolalar mehnat kuchi sifatida ishlatiladi, qurolli mojarolarda askar sifatida foydalaniladi, koʻchalarda yashaydi yoki nogironligi tufayli azoblanadi. Urushning taʼsirini sezgan bolalar qurolli mojaro tufayli boshqa joyga koʻchirilishi va jismoniy va ruhiy jarohatlarga duchor boʻlishmoqda.

Hozirgi kunda 5 yoshdan 14 yoshgacha boʻlgan 153 millionga yaqin bolalar mehnat jalb qilingan.

Shu oʻrinda, turli mamlakatlarda bolalar kunining nishonlanishiga eʼtibor beradigan boʻlsak, misol uchun Janubiy Koreyada bu kun 1954-yil 5-maydan buyon nishonlanib kelinadi.

Janubiy Koreyada 5-may rasman “Bolalar kuni” sifatida eʼtirof etilgan. Bu kunda ota-onalar koʻpincha bolalariga sovgʻalar berishadi, shuningdek ular bilan vaqt oʻtkazishadi. Bolalar hayvonot bogʻlari, muzeylar va oʻyin-kulgi manzilgohlariga ekskursiyalarda boʻlishadi.

Bolalar kuni birinchi marta Janubiy Koreyaning innovatsion talabalari va ijtimoiy rahbarlari tomonidan 1-mart Harakati asosida yapon mustamlakachiligidan Koreyaning mustaqilligiga erishish uchun qabul qilingan.

1954-yildan oldinroq 1923-yilda Tokioda tahsil olayotgan bir necha talabalar 1-mayni bolalar kuni deb belgilashga kelishib oladilar Taniqli shaxs Bang Jeong-Xvan ushbu bayramning ommalashishiga katta hissa qoʻshdi. Ushbu kun ishchilar kuni bilan mos kelganligi sababli, bolalar kuni 5-mayga koʻchirildi. Bang Jeong-Xvan dastlab koreyscha bolalar uchun eorini soʻzini yaratdi va avvalgi aenom va vaekki soʻzlarini almashtirdi.

Shuningdek, mamlakat Konstitutsiyasida yozilgan “Bolalarning farovonligi” bayrami 1961-yil 5-maydan buyon muntazam nishonlanib kelinadi.

Shu oʻrinda, Yaponiyada bu bayramni kelib chiqish tarixiga eʼtiborimizni qaratamiz.

1948-yildan beri 5-may kuni Milliy bolalar bayrami bolalarning baxtiyorligini koʻrsatish va onalarga minnatdorchilik bildirish uchun nishonlanadi.

Eng qizigʻi mamlakatda, bolalar kuni ikki marta, 3-mart qizlar uchun, 5-mayda oʻgʻil bolalar uchun nishonlanadi.

Yaponlar 3-mart kunida oʻz xonadonlarini anʼanaviy Heian Period qoʻgʻirchoqlari va olxoʻri gullari bilan bezashadi. 5-may kuni yaponlar tashqarida varrak uchirishadi, Samuray qoʻgʻirchoqlarini namoyish etishadi va, albatta, bolalarni xursand qilishga harakat qilishadi.

Germaniya Federativ Respublikasiga bolalar kuni qanday kirib kelgan?

Sovuq Urush davrida, bolalar kuni (Kindertag) Gʻarbiy Germaniya va Sharqiy Germaniyada umuman boshqacha tarzda oʻtkazildi. Sharqiy Germaniya (GDR) 1-iyun – Xalqaro bolalarni himoya qilish kunini nishonlagan boʻlsa, Gʻarbiy Germaniya 20-sentyabr kuni Butunjahon bolalar kunini (VeltKindertag) nishonlagan.

Gʻarbiy va Sharqiy Germaniyada ham bolalar kunining urf-odatlari sezilarli darajada farq qilgan. Sharqiy Germaniyada ushbu bayram 1950-yilda joriy etilgan va keyinchalik bolalar uchun har yili oʻtkaziladigan boʻlgan. Yilning bu kunida bolalar odatda tabriklangan va ota-onalaridan sovgʻalar olishib, maxsus sayohatlar, masalan, dala safari va shu kabi tadbirlarni oʻtkazishgan.

Sharqiy va Gʻarbiy Germaniya birlashgandan soʻng, Umumjahon Bolalar kuni butun Germaniya uchun rasmiy boʻlib qoldi. Biroq bu Sharqiy Germaniya aholisining katta qismi tomonidan qabul qilinmadi. Koʻpgina ota-onalar hanuzgacha 1-iyun sanasida Bolalarni himoya qilish kunini nishonlamasdan 20-sentyabrda bolalar kuniga bagʻishlangan ommaviy tadbirlar oʻtkazadilar.

Baʼzi mamlakatlarda bolalar kunini nishonlash oʻtgan asrning 90 yillariga kelib kirib kela boshlagan.

Misol uchun, Meksikada 1996-yil yozuvchi Pat Mora har yili 30-aprelni “Bola kuni” sifatida nishonlash anʼanasini kiritish tavsiyasi bilan chiqadi. Meksika uchun bu nafaqat “Bola kuni” balki “Kitob kuni” sifatida ham mashhur boʻlib, bolalarni hurmat qilish va ularni demokratiya uchun zarur boʻlgan savodxonlik bilimlarini oshirish nazarda tutiladi.

Mazkur bayramni nishonlash Lotin va ispan tilida soʻzlashuvlar uchun kutubxona va axborot xizmatlarini rivojlantirish milliy assotsiatsiyasi tomonidan ham qoʻllab quvvatlanadi.

Bolalar kuni, Kitob kuni barcha bolalarni kitoblar, tillar va madaniyatlar bilan bogʻlaydigan kunga aylandi.

Amerika Qoʻshma Shtatlari bolalar kunini nishonlash onalar va otalar kunidan oldin oʻtkaziladi.

Yuqorida taʼkidlab oʻtganimizdek, 1856-yilda Charlz Leonard, Chelsi shahrida bolalarni nasroniy hayotiga oʻrgatish va ota-onalar va vasiylarning gʻamxoʻrligini oshirish uchun nishonlashni boshlaydi.

1867-yilda esa Baltimordagi Universalistlar Konvensiyasida har yili iyun oyining ikkinchi yakshanbasini “bolalarni himoya qilish kuni” deb belgilash toʻgʻrisida qaror qabul qildilar.

1883-yilda Presviterian cherkovining Bosh assambleyasi iyun oyining ikkinchi shanbasini bolalar kuni deb belgilagan.

Shuningdek, 1883-yilda Jamoat cherkovlarining milliy kengashi va AQSHdagi deyarli barcha davlat idoralari bu bayramni nishonlash toʻgʻrisida qaror qabul qildilar. “Milliy bolalar kuni” Prezident Bill Klinton tomonidan 2000-yil 8-oktyabrda eʼlon qilingan. Keyinchalik u Prezident Jorj Bush tomonidan 2001-yil 3-iyunda, keyingi yillarda esa iyunning birinchi yakshanbasida nishonlash rasman belgilangan.

Xulosa qilib aytganda, “Bolalarni himoya qilish kuni” bayramining maqsadi keng jamoatchilik diqqatini bolalarning muammolariga, ularning huquqlarini himoya qilishga, himoyalangan dunyoda yashash imkoniyatlariga, baxtli bolalikka ega boʻlishlariga va oʻz mamlakatining toʻla-toʻkis va xotirjam fuqarosi boʻlib oʻsishlariga qaratishdir. Shuningdek, bayramni nishonlashning asosiy maqsadi – ulgʻayib kelayotgan yosh avlodning kelajakda maʼnan boy, jismonan sogʻlom va axloqan pok boʻlib voyaga yetkazishdir.

Akmal Sodiqov,
Toshkent davlat yuridik universiteti oʻqituvchisi