Янгиликлар
DIQQAT E'LON. "Adliya ayoli" tanlovi o'tkaziladi
Oʻzbekiston Respublikasi adliya organlari
va muassasalarida “Adliya ayoli” tanlovini oʻtkazish tartibi toʻgʻrisidagi
NIZOM
I bob. Umumiy qoidalar
1. Mazkur Nizom adliya organlari va muassasalarida faoliyat yurituvchi
xotin-qizlar oʻrtasida boʻlib oʻtadigan “Adliya ayoli” tanlovini (keyingi oʻrinlarda – Tanlov) oʻtkazish tartibini belgilaydi.
2. Tanlovni oʻtkazishdan asosiy maqsad adliya organlari va muassasalarida faoliyat yurituvchi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini yuksaltirish hamda faoliyatda tashabbuskorlik va yuqori natijalarga erishishga intilish samaradorligini oshirishdan iborat.
3. Tanlov har yili qoida tariqasida avgust oyida shaffoflik, tenglik, xolislik va kollegiallik tamoyillari asosida oʻtkaziladi.
4. Tanlovda barcha adliya organlari va muassasalarida faoliyat yurituvchi
xotin-qizlar faqat yakka tartibda ishtirok etishi mumkin. Tanlovda Adliya vazirligi markaziy apparati xodimlari ishtirok etmaydi.
II bob. Tanlovni tashkillashtirish
5. Tanlovni oʻtkazishni tashkil etish uchun adliya vazirining oʻrinbosari boshchilik qiladigan tashkiliy qoʻmita shakllantiriladi.
6. Tashkiliy qoʻmita tomonidan tanlovni oʻtkazish muddatlari, joyi, hakamlar hayʼatini shakllantirish, taqdirlash marosimini oʻtkazish tartibini belgilash hamda tanlov bilan bogʻliq boshqa turdagi tashkiliy-huquqiy masalalar hal etiladi.
7. Tanlov quyidagi ikki bosqichda oʻtkaziladi:
– dastlabki (saralash) bosqich;
– final bosqichi.
8. Tanlovning dastlabki bosqichi quyidagi adliya organlari va muassasalarida boʻlib oʻtadi:
– Qoraqalpogʻiston Respublikasi Adliya vazirligi, viloyatlar va Toshkent shahar adliya boshqarmalari;
– Huquqiy siyosat tadqiqot instituti;
– X. Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazi;
– “Adolat” milliy huquqiy axborot markazi davlat muassasasi;
– “Adliya organlari va muassasalarida axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
– “Davlat xizmatlarini rivojlantirish markazi” davlat muassasasi;
– “Intellektual mulk markazi” davlat muassasasi;
– Yuristlar malakasini oshirish markazi;
– Toshkent davlat yuridik universiteti.
9. Tuman (shahar) adliya boʻlimlari, yuridik xizmat koʻrsatish markazlari, davlat xizmatlari markazlari, FXDYO organlari, yuridik texnikumlar, akademik litsey, X.Sulaymonova nomidagi Respublika sud ekspertiza markazining hududiy tuzilmalari, davlat notarial idoralari va arxivlari xodimlari hududiy adliya boshqarmalari kesimida ishtirok etadi.
10. Tanlovning dastlabki bosqichini oʻtkazishni tashkil etish uchun hududiy adliya organi yoki muassasa rahbarining oʻrinbosari rahbarligida ishchi guruhi shakllantiriladi. Tanlovning dastlabki bosqichi har yili avgust oyining 1-15 sanalari oraligʻida oʻtkaziladi.
11. Tanlovning dastlabki bosqichida 1-oʻrin sohibi boʻlgan ishtirokchi tanlovning final bosqichida ishtirok etish huquqiga ega boʻladi.
12. Tanlovning respublika bosqichi har yili avgust oyining 15-31 sanalari oraligʻida oʻtkaziladi.
13. Tanlovning respublika bosqichida hakamlar hayʼati ishtirokchilarning natijalarini hisobga olgan holda 1, 2 va 3-oʻrinlarni aniqlaydi hamda tanlov gʻoliblarini eʼlon qiladi.
14. Hakamlar hayʼati tomonidan boshqa faol ishtirokchilar muqobil nominatsiyalar bilan taqdirlanishi mumkin.
Shu jumladan, huquqshunoslik sohasida fidokorona mehnat qilayotgan, huquqshunoslik faoliyatini vijdonan amalga oshirayotgan, vatanparvarlik fazilatlari bilan el-yurt oʻrtasida hurmat qozongan, faol, tashabbuskor, soha rivojiga munosib hissa qoʻshib kelayotgan yurist ayollar “Akademik X. Sulaymonova izdoshi” nominatsiyasi bilan taqdirlanishi mumkin.
III bob. Tanlovni oʻtkazish shartlari va mezonlari
15. Tanlovning dastlabki bosqichida ishtirokchilar uchta shart boʻyicha bellashadilar:
birinchi shartda ishtirokchilarga bilim va tajribalarini sinovdan o‘tkazish maqsadida huquqiy mavzulardan shakllantirilgan 30 ta test savollari taqdim etiladi.
Test savollarini bajarish uchun oʻttiz daqiqa vaqt ajratiladi. Har bir to‘g‘ri javob uchun bir ball beriladi;
ikkinchi shartda ishtirokchilar qonunchilikka oid dolzarb bitta taklif taqdim etadilar. Har bir ishtirokchiga besh daqiqa vaqt ajratiladi. Hakamlar hayʼati ishtirokchi tomonidan koʻtarilayotgan muammoning dolzarbligi, berilayotgan taklif muammoni hal etish uchun maqsadga muvofiq yechim ekanligi hamda yangiligiga koʻra baholanadi;
uchinchi shartda ishtirokchilarning uy yumushlaridagi bekalik qobiliyati sinovdan oʻtkaziladi. Ishtirokchilarning barchasiga bir xil turdagi vazifani (jumladan, xamir yoyish, chuchvara tugish, biror bir taom tayyorlash) bajarish topshiriladi. Ishchi guruh bajarilishi lozim boʻlgan shartni belgilaydi. Hakamlar hayʼati berilgan vazifaning turiga muvofiq ishtirokchilarni shartni qisqa muddatlarda hamda sifatli bajarilishiga koʻra baholaydi.
16. Tanlovning final bosqichida ishtirokchilar beshta shart boʻyicha bellashadilar:
birinchi shartda ishtirokchilar “Men haqimda” deb nomlangan taqdimot
qiladilar. Bunda ishtirokchi oʻzining shaxsiy hayoti, maʼlumoti, qiziqishlari, ishdagi yutuqlari, kitobxonlik salohiyati va boshqa qobiliyatlarini taqdimot orqali yoritib beradilar. Har bir ishtirokchiga uch daqiqa vaqt ajratiladi. Hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilar qoʻlga kiritgan yutuqlari, taqdimot qilish qobiliyati, notiqlik mahoratiga koʻra baholanadi;
ikkinchi shartda ishtirokchilar qonunchilikka oid dolzarb bitta taklif taqdim etadilar. Har bir ishtirokchiga besh daqiqa vaqt ajratiladi. Hakamlar hayʼati ishtirokchi tomonidan koʻtarilayotgan muammoning dolzarbligi, berilayotgan taklif muammoni hal etish uchun maqsadga muvofiq yechim ekanligi hamda yangiligiga koʻra baholanadi;
uchinchi shartda ishtirokchilar kundalik turmushda uchraydigan muammoli vaziyat (kazus)ga huquqiy tushuntirish beradilar. Ishtirokchi muammoli vaziyatni, qoida tariqasida, generatsiya tizimi orqali tasodifiy tanlaydi. Har bir ishtirokchiga oʻylash uchun bir daqiqa hamda javob berish uchun uch daqiqa vaqt ajratiladi. Hakamlar hayʼati ishtirokchining muammoli vaziyatga toʻgʻri va toʻliq huquqiy tushuntirish bera olish qobiliyatiga koʻra baholaydi;
toʻrtinchi shartda ishtirokchilarning uy yumushlaridagi bekalik qobiliyati sinovdan oʻtkaziladi. Ishtirokchilarning barchasiga bir xil turdagi vazifani (jumladan xamir yoyish, chuchvara tugish, biror bir taom tayyorlash) bajarish topshiriladi. Tashkiliy qoʻmita (ishchi guruh) bajarilishi lozim boʻlgan shartni belgilaydi. Hakamlar hayʼati berilgan vazifaning turiga muvofiq ishtirokchilarni shartni qisqa muddatlarda hamda sifatli bajarilishiga koʻra baholaydi;
beshinchi shart erkin shart hisoblanadi. Ishtirokchilar ijodiy va intellektual salohiyatini namoyish etadi (raqs tushish, qoʻshiq aytish, spektakldan parcha ijro etish, sport turidan koʻrgazmali chiqish kabi). Har bir ishtirokchiga uch daqiqa vaqt ajratiladi. Hakamlar hayʼati tomonidan ishtirokchilarning ijodiy va intellektual qobiliyati baholanadi.
IV bob. Tanlov gʻoliblarini aniqlash tartibi
17. Tanlovda ishtirokchilarning bilim va mahoratlarini baholash uchun hakamlar hayʼati raisi va 4 nafar aʼzodan iborat (jami 5 nafar) tarkibda hakamlar hayʼati shakllantiriladi.
18. Hakamlar hayʼati tarkibi adliya organlari xodimlaridan hamda ilm-fan
va madaniyat sohasida yuqori natijalarga erishgan, yuqori tajribaga ega boʻlgan boshqa soha vakillari orasidan tanlab olinadi.
19. Ishtirokchilarning har bir shart boʻyicha chiqishlari hakamlar hayʼati har bir aʼzosi tomonidan alohida tarzda 10 ballik mezon asosida baholanadi.
20. Tanlovda ishtirokchilarning baholari teng kelib qolgan holatda ular oʻrtasida
savol-javob oʻtkaziladi. Savollar huquqning boshlangʻich bilimlari, ijtimoiy va siyosiy sohalar boʻyicha tuziladi.
V bob. Yakuniy qoidalar
21. Tanlov natijasi va uning gʻolibi haqidagi maʼlumot Adliya vazirligining rasmiy veb-saytida eʼlon qilinadi.
22. Tanlov gʻolibi “Adliya ayoli” deb eʼtirof etiladi hamda gʻolibga maxsus sovrin, 2 va 3-oʻrin gʻoliblariga esdalik sovgʻalar tantanali ravishda topshiriladi.
23. Tashkiliy qoʻmita qarori barcha hududiy adliya organlari va muassasalariga yetkaziladi.