Янгиликлар
ADLIYA BOʻLIMI ARALASHUVI BILAN NOQONUNIY PUL UNDIRILISHINING OLDI OLINDI
Bulungʻur tuman adliya boʻlimi tomonidan tuman Maktabgacha taʼlim boʻlimida Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya qilinishi ahvoli monitoring qilindi.
Monitoring davomida, Vazirlar Mahkamasining mazkur qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga rioya qilinmasdan bolalarning ota-onalaridan Nizomda koʻrsatilmagan hujjatlar yaʼni, bolaning sariq kassaligiga qarshi emlanganligi toʻgʻrisidagi, parazitologiya labaratoriyasining tahlili, 21 kun ichida yuqumli kasallik qayd qilinmaganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar talab qilib olinib kelinganligi aniqlandi.
Jumladan, tumandagi 11-son DMTT tomonidan tashkilotga qabul qilingan tarbiyalanuvchilar yigʻma jildlari tanlov asosida oʻrganilganda tarbiyalanuvchilar CH.Abduraxmonova, M.Abduxalilova, A.Sayfiddinov, S.Mamirovning tuman SEO va jamoat salomatligi boʻlimi tomonidan sariq kassalligiga qarshi emlanganligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlar, S.Mamirov, D.Faxritdinov, A.Xursanovning 21 kun ichida yuqumli kasallik qayd etilmaganligi haqidagi SEO va jamoat salomatligi boʻlimi tomonidan berilgan maʼlumotlar ota-onalardan talab qilib olinib, yigʻma jildlarda saqlanayotganligi aniqlandi.
Huddi shunday holat, 4, 9, 11, 13, 17, 18, 24, 26, 28-son maktabgacha taʼlim tashkilotlari tarbiyalanuvchilaridan ham talab qilib olingan. Vaholanki, Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 13-maydagi “Maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi 391-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomning 34-bandida Bolani maktabgacha taʼlim tashkilotlariga doimiy yoki vaqtincha qatnashga qabul qilishda bola qonuniy vakilining arizasi, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartibda vakolatli organ bergan yoʻllanma (davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti uchun), bola sogʻligʻi holati toʻgʻrisidagi tibbiy maʼlumotnoma talab qilib olinishi belgilab qoʻyilgan.
Ota-onalar Davlat xizmatlari markazlari tomonidan berilgan yoʻllanma asosida bogʻchaga bolani olib borganda davlat maktabgacha taʼlim tashkiloti masʼullari bolaning sariq kasalligiga qarshi emlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot talab qilishgan. 280 000 soʻm evaziga SES va jamoat salomatligi boʻlimi tomonidan emlanganligi toʻgʻrisida maʼlumot taqdim qilgan ota-onalarning bolalari bogʻchaga qabul qilingan. Bu majburiyatni bajarmagan ota-onalarning garchi qoʻlida yoʻllanma boʻlsa-da, farzandlari bogʻchaga qabul qilinmagan.
Aniqlangan qonunbuzilishi yuzasidan tuman adliya boʻlimi tomonidan tuman maktabgacha taʼlim boʻlimiga taqdimnoma kiritildi. Maktabgacha taʼlim tashkiloti masʼullari intizomiy javobgarlikka ortiladigan boʻldi.