Янгиликлар
10
MUROJAATLAR IJROSI NЕGA KЕCHIKADI?
MUROJAATLAR IJROSI NЕGA KЕCHIKADI?
Samarqand viloyatidagi Davlat xizmatlari markazlariga bir kunda kamida 400-500 nafar fuqaro tashrif buyuradi. Jumladan, o‘tgan 2022 yilda viloyat aholisiga 1 milliondan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi. Ya’ni, taqdim etilgan xizmatlar soni 2021 yilga nisbatan 282 ming 534 taga oshdi.
Raqamlardan ko‘rinib turibdiki, yildan yilga davlat xizmatlariga bo‘lgan talab va ehtiyoj ortib bormoqda. Shundan kelib chiqib ular qatoriga yangi xizmatlar qo‘shilmoqda. Ammo vakolatli idoralar tomonidan murojaatlarni ko‘rib chiqishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilayotgani xizmatlarni sifatli taqdim etishda ko‘plab muammo va to‘siqlarni yuzaga keltirmoqda.
Masalan, o‘tgan yil mobaynida davlat xizmatlari ko‘rsatish bilan bog‘liq 8 335 ta qonun buzilish holatlari aniqlanib, mas’ul shaxslarning javobgarlik masalasi hal etildi. Mazkur qonunbuzilish holatlari sohalar kesimida tahlil qilinganda eng ko‘p kuzatilayotgan qonunbuzilishi kadastr idoralari, gaz, elektr va suv ta’minoti korxonalari, qurilish idoralari, tuman (shahar) hokimliklari, sog‘liqni saqlash muassasalari va soliq idoralari va boshqa tashkilotlarga to‘g‘ri kelayotgani aniqlandi.
Xususan, “URGUT SILK ...” (qisqartirildi) MCHJ Urgut tuman davlat xizmatlari markazi orqali O‘ramas mahallasida joylashgan obyektni elektr tarmoqlariga ulash uchun texnik shartlar olish bo‘yicha murojaati “Samarqand HETK” AJ muhandis-loyihachisi Sh.A. tomonidan belgilangan tartibda ijro etilmagan.
Shuningdek, Samarqand shahar Davlat xizmatlari markazi orqali fuqaro M.S.ning sovuq suv hisoblagichini yechish, o‘rnatish va tamg‘alashga ariza yuborish to‘g‘risidagi so‘rovnomasi “Samarqand suv ta’minoti” MCHJ Samarqand shahar filiali metrologi O‘.U. tomonidan belgilangan tartibda ijro etilmagan.
Ushbu holatlar bo‘yicha vakolatli idoralarning rahbarlari nomiga 59 ta taqdimnoma va 798 ta ogohnomalar kiritildi. Bundan tashqari, qurilish idoralarining 35 nafar, kadastr idoralarining 73 nafar, gaz, elektr va suv ta’minoti korxonalarining 51 nafar, hokimliklarning 4 nafar, sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘limlarining 3 nafar, arxiv idoralarining 7 nafar aybdor mas’ul va mansabdor shaxslari ma’muriy, 135 nafar shaxslar intizomiy javobgarlikka tortilishi ta’minlandi. Shundan 9 nafar xodim bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan bunday vaziyatlarning oldini olish borasida vakolatli organlar xodimlari ishtirokida tushuntirish ishlari, seminarlar o‘tkazilib, davlat xizmatlari ko‘rsatishga aloqador tashkilotlar bilan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Maqsad xizmatlar sifati, shaffofligini oshirish, murojatlarni vaqtida ko‘rib chiqilishini ta’minlash. Bu yo‘lda har bir davlat idorasi va mas’ullar mas’uliyatni chuqur his etmas ekan, ko‘zlangan maqsadga erishish qiyin kechadi.
SH.AZIZOV,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi bo‘lim boshlig‘i,
2-darajali adliya maslahatchisi