Янгиликлар
19
Intellektual mulk sohasida murojaatlar oshmoqda
Intellektual mulk sohasida murojaatlar oshmoqda
Bugungi kunda O‘zbekistonda intellektual mulkni rivojlantirish va uni huquqiy himoya qilish dolzarb ahamiyat kasb etib bormoqda. Xususan bu borada Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan ham bir qator ishlar amalga oshirilib kelinmoqda.
O‘tgan 2022-yilda 40 dan ortiq intellektual mulk huquqlari yuzasidan jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari ko‘rib chiqilgan bo‘lib, murojaatlar soni 2021-yilga nisbatan 300 foizga oshgan. Shuningdek, murojaatlar hamda o‘tkazilgan o‘rganishlar natijasida 3301 ta qonunbuzilishi holatlari aniqlanib, intellektual mulk huquqlari buzilishi holatlarini bartaraf etish yuzasidan 170 dan ortiq taqdimnomalar kiritilib, 45 ta ma’muriy bayonnomalar rasmiylashtirildi. Ta’sir choralari natijasida, 500 dan ortiq hujjatlarning ijrosi to‘xtatilib, 45 nafar shaxslar ma’muriy javobgarlikka tortildi.
Bundan tashqari, boshqarma tomonidan viloyatdagi oliy ta’lim muassasalari hamda A.S.Pushkin nomidagi axborot-kutubxona markazi va uning tuman (shahar) markazlarida “Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonun talablari rioya etilishi yuzasidan monitoring o‘tkazildi. Natijada 2000 dan ortiq kitoblarning elektron nusxalaridan foydalanishda mualliflar bilan hech qanday shartnoma tuzmasdan yoki roziligini olmasdan rasmiy saytlari orqali e’lon qilingani aniqlandi.
Ushbu qonunbuzilishi holatlarini bartaraf etish hamda huquqbuzar shaxslarga nisbatan 17 ta ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, tugishli sudlarga taqdim etildi va ma’muriy javobgarlik masalasi hal etildi. Jumladan, kitoblarning kontrafakt nusxalaridan foydalanishni to‘xtatish va kelgusida sodir etilishini oldini olish maqsadida 20 dan ortiq taqdimnomalar kiritildi.
Bundan tashqari, aniqlangan kontrafakt mahsulotlar asosida kontrafakt mahsulotlar katalogi (oziq-ovqat, dori darmon, parfyumeriya va boshqalar) Samarqand shahri va viloyatda joylashgan bozorlar, yirik savdo majmualari, kichik savdo rastlari va do‘konlariga tarqatilib, kontrafakt mahsulotlarning inson sog‘lig‘iga zararli oqibatlari hamda uni ishlab chiqarganlik va sotganlik uchun qonunchilik hujjatlariga muvofiq javobgarlikka tortilishi haqida ogohlantirishlar, tushuntirish ishlari olib borildi.
Jamiyatda intellektual mulkka nisbatan huquqiy madaniyatni oshirish va hurmat hissini shakllantirish maqsadida aholi orasida intellektual mulk huquqlariga oid qonun hujjatlari mazmun-mohiyatini keng ommaga yetkazish sohasida turli shakldagi huquqiy targ‘ibot tadbirlari davom etmoqda.
G‘iyos MA’DIYEV,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi
bo‘lim boshlig‘i