Янгиликлар
FUQARONING QARIYB BIR MILLIARDLIK KOMPENSATSIYA PULI SUD TARTIBIDA UNDIRILADIGAN BO‘LDI.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasiga kelib tushgan murojaatlardan biri mulkdorning asossiz ravishda mulkidan mahrum bo‘lib qolayotgani bilan bog‘liq. Hokimlik garchi qo‘yilgan ayblovlarni rad etgan bo‘lsa-da, sudda adolat g‘alaba qozonib, bu o‘z tasdig‘ini topdi.
Aniqlanishicha, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro A.A.ga 2004 yildagi 95-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan tegishli bo‘lgan Samarqand shahar, sobiq “Temiryo‘l” tumani “Rudakiy” ko‘chasida joylashgan 299.2 kv.m bo‘lgan “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi” Samarqand shahar hokimining 2018-yil 11-dekabrdagi 2382-Q-sonli qarori bilan “Agro Plus” MCHJga berib yuborilgan. Bu ham yetmagandek yer maydoni uchun kompensatsiya to‘lab berilmagan. Yillar davomida buzilgan huquqlarini tiklash borasida sarson bo‘lgan fuqaro adliyaga murojaat qildi.
O‘rganishda to‘plangan hujjatlarga ko‘ra, fuqaro A.Axmedov 2004-yil 17 martdagi 95-sonli oldi-sotdi shartnomasiga asosan, Samarqand shahar, sobiq Temiryo‘l tuman, “Rudakiy” ko‘chasi 86-manzilda joylashgan “Savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish kompleksi”da veterinatiya klinikasini tashkil etib ma’lum muddat faoliyat ko‘rsatgan. Ammo 2012-yilning oxirida sog‘lig‘i yomonlashganligi sababli Rossiya Federatsiyasiga ketgan va 2015-yilda qaytgan. Lekin uning ko‘chmas mulki hokimlik tomonidan 2014-yilda buzub yuborilgan bo‘lgan. Shuningdek, Samarqand shahar hokimining 2018-yil 11-dekabrdagi 2382-Q-sonli qarori bilan “Agro Plus” MCHJga Samarqand shahar “Ali Qushchi” MFY binosi qurish uchun 100. kv.metr qismi ajratilgan. Biroq, Samarqand shahar hokimining ushbu hamda 2019-yil 19-sentyabrdagi 2308-Q-sonli qarorlari bilan fuqaroga yetkazilgan zarar qoplab berilmagan.
Fuqaroning buzilgan huquqlarini tiklash maqsadida Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudiga da’vo arizasi kiritilib, qisman qanoatlantirildi. Sud Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik Kodeksining 14, Uy-joy kodeksi 27, 29, Fuqarolik prosetsual kodeksining 138, 141, 249-253-moddalarini qoʻllab javobgar hisobidan fuqaro foydasiga buzilgan savdo va maishiy xizmat koʻrsatish kompleksi, yerdan foydalanish huquqining bahosi hamda ekspertiza oʻtkazish uchun toʻlangan toʻlovlar uchun jami 891 525 701 soʻm miqdorida pul kompensatsiya undirish haqida qaror qabul qildi. Vaholanki, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006-yil 29-maydagi 97-sonli qarori bilan tasdiqlangan “Davlat va jamoat ehtiyojlari uchun yer uchastkalarining olib qo‘yilishi munosabati bilan fuqarolarga va yuridik shaxslarga yetkazilgan zararlarni qoplash tartibi to‘g‘risida” gi nizom (Samarqand shahar hokimining 2019-yil 19-sentyabrdagi 2308-Q-sonli qarori qabul qilingan vaqtda amalda bo‘lgan) ning 8-bandida buzilayotgan uylar, boshqa imoratlar, inshootlar va dov-daraxtlar qiymatini fuqarolarga to‘lash, hamda yer uchastkasini olib qo‘yish munosabati bilan mulkdorlarga yetkazilgan zararlarni qoplash nazarda tutilgan.
S.USMONOV,
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi xodimi