Янгиликлар
“Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” shiori ostida huquqiy aksiya boʻlib oʻtdi
Bulungʻur tuman 2-son kasb-hunar maktabida tashkil etilgan “Konstitutsiya – kelajagimiz kafolati” shiori ostidagi huquqiy aksiya chinakam bayramga aylandi deyish mumkin.
Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan Yoshlar ishlari agentligining Samarqand viloyat boshqarmasi va Bulungʻur tuman hokimligi bilan hamkorlikda boʻlib oʻtgan tadbirda jamiyatda huquqiy ong va madaniyatni yanada oshirish, aholiga, jumladan yoshlarga huquqiy axborotni, shu jumladan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlar va uning mazmun-mohiyati hamda ahamiyati, referendum toʻgʻrisida targʻibot-tashviqot ishlari olib borildi.
Tuman adliya boʻlimi, xususan, FHDY xodimlari, notarius, advokatlar, “Madad” nodavlat-notijorat tashkiloti tomonidan aholiga bepul huquqiy maslahatlar berilib, tuman Davlat xizmatlari markazi tomonidan davlat xizmatlari sayyor tarzda koʻrsatildi. Konstitutsiyaviy islohotlar boʻyicha tashkil etilgan turli viktorina va tanlovlar, musobaqalar, badiiy chiqishlar esa tadbirga oʻzgacha shukuh bagʻishladi.
Eng asosiysi huquqiy aksiya davomida 130 nafardan ortiq fuqarolarga huquqiy yordam koʻrsatildi. Tuman aholisi va yoshlar mavzu doirasida oʻzlarini qiziqtirgan savollar va taklif-mulohazalar yuzasidan mutaxassislar bilan ochiq muloqotda boʻlishdi.
Alohida qayd etish kerakki, mazkur aksiyada yoshlar oʻrtasida Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi Konstitutsiyasi loyihasi yuzasidan “Konstitutsiya bilimdoni” viktorinasi, “Zakovat” intellektual oʻyini, shaxmat-shashka musobaqalari, insholar tanlovi va boshqa huquqiy tanlovlar tashkil etildi.
Tadbirga tashrif buyuruvchilar Konstitutsiya loyihasida aks etgan fuqarolarning shaxsiy, mulkiy, turar joy daxlsizligi, taʼlim olish, mehnat qilish va boshqa huquqlari, shuningdek sud-huquq, davlat hokimiyatining tashkil etilishi bilan bogʻliq yangiliklar bilan koʻrgazmali tarzda tanishish imkoniyatiga imkoniyatiga ega boʻlishdi.
Tadbirda davlat xizmatlari markazi va FHDY boʻlimi tomonidan zamonaviy mobil avtobusda 40 dan ortiq xizmatlar koʻrsatildi. 20 dan ziyod sayyor notarial harakatlar amalga oshirildi.
Huquqiy viktorinalarda faol qatnashganlarga boshqarmaning esdalik sovgʻalari topshirildi. Mazkur yoʻnalishdagi tadbirlar davom etmoqda.