Янгиликлар
YANGI KONSTITUTSIYADA “MIRANDA QOIDASI” INSTITUTINING MUSTAHKAMLANISHI
YANGI KONSTITUTSIYADA “MIRANDA QOIDASI” INSTITUTINING MUSTAHKAMLANISHI
Chet el filmlarida koʻp koʻrganmiz, biror jinoyatchini ushlashsa, uning hibsga olinish asoslari va u qanaqa huquqlarga egaligi tushuntiriladi. O‘sha hibsga olish yoki ushlash chog‘idagi “siz sukut saqlash huquqiga egasiz, aytgan gaplaringiz sudda o‘zingizga qarshi ishlatilishi mumkin va siz advokat yollash huquqiga egasiz”, degan jumlalar deyarli hammamizning yodimizda qolgan. Bu oddiy bir jumladek ko‘rinishi mumkin, lekin bu xalqaro darajada umume’tirof etilgan qoida hisoblanadi va uning yurisprudensiyadagi o‘rni beqiyos. Aynan shu “Miranda qoidasi” (ingl. Miranda warning)ning asosini tashkil etadi. Mazkur qoida AQShda yuzaga kelgan yuridik norma bo‘lib, unga ko‘ra jinoyat sodir etishda gumon qilinuvchi shaxsni ushlash chog‘ida va so‘roq qilishdan oldin unga protsessual huquqlari tushuntirilishi kerak.
Aksariyat holatlarda guvohi bo‘lamiz, huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan shaxs qo‘lga olinganda, u nima uchun ushlangani va qanday huquqlarga ega ekanligi unga tushuntirilmaydi, uning huquqlari ta’minlab berilmaydi.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar o‘z nomidan ko‘rinib turibdiki, ularning asosiy vazifalaridan biri huquqlarni muhofaza qilish hisoblanadi. Shunday ekan, huquqni muhofaza qiluvchi organlarning o‘zlari tomonidan birovning huquqlarining buzilishi juda uyatli va og‘riqli holat. Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi, u istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi, har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanishi bularning hammasi shaxsning huquqi hisoblanadi. Shaxsning yuqorida sanab o‘tilgan huquqlari aynan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan ushlash va tergov jarayonida buziladi yoki xavf ostida qoladi.
Shaxsning sukut saqlash huquqi inson huquqlariga oid nufuzli xalqaro hujjatlarda ham aks etgan. Mazkur kafolat Fuqaroviy va siyosiy huquqlar toʻgʻrisidagi xalqaro paktning 14-moddasidagi “oʻziga oʻzi qarshi koʻrsatuv berishga yoki oʻzini aybdor deb tan olishga majbur qilinmaslik” qoidasida yanada rivojlantirilgan.
Ta’kidlab o‘tish lozimki, “Miranda qoidasi” bugungi kunda barcha davlatlar Konstitutsiyasi va qonunlarida hamda inson huquqlariga oid xalqaro hujjatlarda umumeʼtirof etilgan norma sifatida belgilangan. AQShdan o‘rnak olib, qator davlatlar o‘z konstitutsiyalarida (Yaponiya, Niderlandiya, Ispaniya, Gretsiya, Xorvatiya, Rossiya, Gruziya, Ukraina, Qozogʻiston, Moldova va boshqalar) mazkur qoidani mustahkamlab qo‘ygan.
Masalan, AQSH Konstitutsiyasi 5-qoʻshimchasida birorta shaxs hech bir jinoyat ishi boʻyicha oʻziga qarshi koʻrsatma berishga majbur qilinishi mumkin emasligi belgilangan.
Ukraina Konstitutsiyasining 29-moddasi 4-qismida “hibsga olingan yoki qamoqqa olingan har bir shaxsga hibsga olingan yoki qamoqqa olinganligi sabablari kechiktirilmasdan xabardor qilinishi, uning huquqlari tushuntirilishi hamda hibsga olingan paytdan boshlab o‘zini himoya qilish yoki qonuniy huquqqa ega bo‘lish imkoniyati berilishi va shaxs o‘zi, oila a’zolari yoki yaqin qarindoshlari to‘g‘risida ko‘rsatuv berishdan yoki biror narsani tushuntirishdan bosh tortgani uchun javobgar bo‘lmasligi” belgilab qo‘yilgan.
Shuningdek, Filippinning 1987-yilgi Konstitutsiyasida “jinoyat sodir etganligi uchun tergov qilinayotgan har qanday shaxs sukut saqlash va o‘z xohishiga ko‘ra malakali va mustaqil advokatga ega bo‘lish huquqi to‘g‘risida xabardor qilinishiga haqli” ekanligi qayd etilgan.
Yaponiya Konstitutsiyasining 38-moddasi ko‘ra hech kim o‘ziga qarshi guvohlik berishi mumkin emas.
Endi bu davlatlar qatoriga O‘zbekiston ham qo‘shildi. O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining bir nechta moddalarida “Miranda qoidasi” normalari mustahkamlab qo‘yildi. Jumladan:
Shaxsni ushlash chog‘ida unga tushunarli tilda uning huquqlari va ushlab turilishi asoslari tushuntirilishi shart (27-modda).
Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi yoki sudlanuvchi o‘zining aybsizligini isbotlashi shart emas va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkin. Hech kim o‘ziga va yaqin qarindoshlariga qarshi guvohlik berishga majbur emas (28-modda).
Har bir shaxs jinoyat protsessining har qanday bosqichida, shaxs ushlanganida esa uning harakatlanish erkinligi huquqi amalda cheklangan paytdan e’tiboran o‘z tanloviga ko‘ra advokat yordamidan foydalanish huquqiga ega (29-modda).
Jinoyat-protsessual qonunchiligi boʻyicha shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash majburiyati alohida masʼul mansabdor shaxslarga yuklatilgan. Yaʼni dastlabki tergovda shaxsga nisbatan ayblov tergovchi tomonidan eʼlon qilinadi, sud muhokamasida esa ayblovni prokuror qoʻllab-quvvatlaydi. Aynan shuning uchun ham, shaxsning aybli yoki aybsizligini isbotlash faqat mazkur mansabdor shaxslar zimmasida. Gumon qilinuvchi, ayblanuvchi, sudlanuvchi esa isbotlash jarayonida ishtirok etishga majbur emas. Agar istasa, shaxs ushlangan vaqtidan to hukm chiqarilgunga qadar umuman sukut saqlashi mumkin – bu uning huquqi hisoblanadi.
Odatda, amaliyotda shaxs ushlanganda yoki unga nisbatan jinoyat ishi ochilganda u ogʻir ruhiy holatga tushib, oʻzini yoʻqotib qoʻyadi va oʻz huquqlarini bilmaydi yoki bilsa ham toʻliq anglay olmaydi. Bunday murakkab ruhiy holatda jinoyatda aybi bor-yo‘qligini isbotlash oʻzining emas, tergov organlarining vazifasi ekanini tushunmagan fuqarolar oʻziga qarshi koʻrsatmalar berishi hayotimizda koʻplab uchrab turadi, afsuski. Aynan shuning uchun ham shaxs oʻzining aybsizligini isbotlab berishi shart emasligi va istalgan vaqtda sukut saqlash huquqidan foydalanishi mumkinligi qoidasining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi tergov organlari tomonidan shaxsni majburlash yoki unga har qanday bosim oʻtkazish kabi salbiy va qonunga xilof holatlardan himoya qiladi.
Fikrimizning yakuni sifatida aytishimiz mumkinki, “Miranda qoidasi” institutining konstitutsiyaviy mustahkamlanishi jinoyat ishi xolis tergov qilinishi va tergov organlari tomonidan har qanday gʻayriqonuniy harakatlar va taqiqlangan usullar qoʻllanilishining oldini oladi, shaxsning huquqlarini ta’minlab beradi. Ushbu qoidaga koʻra shaxsning huquqlari u yaxshi tushunadigan tilda tushuntirilishi talab etiladi. Shuningdek, mazkur qoida ushlangan shaxsga uning huquqlari real taʼminlanishini kafolatlaydi va unga nisbatan tergov organlari tomonidan aldov, notoʻgʻri maʼlumot berish va boshqa har qanday qonunga xilof usullar qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymaydi.
Shuningdek, mazkur qoidaning Konstitutsiyamizda o‘z aksini topishi ushbu qoida to‘la-to‘kis va so‘zsiz qo‘llanishi uchun zarur huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Qo‘chqorov Abbosjon Bahromjon o‘g‘li
Adliya vazirligi qoshidagi
Yuristlar malakasini oshirish markazi mas’ul xodimi