Янгиликлар
07
So'rang, javob beramiz !
❓Savol: “Xususiy firmada qorovul bo'lib ishlayman. Oyligimiz juda kam, 500 ming so'm atrofida. Ish joyim xususiy bo'lgani uchun oylikni oshirish bo'yicha biror tartib bormi? Men qaerga murojaat qilishim kerak bo'ladi?”
Javob: Prezident farmoniga (https://lex.uz/docs/-6417184) asosan, O'zbekistonda mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori 980 ming so'mni tashkil etadi. SHuningdek, mazkur farmonda ish beruvchilarga ish haqi miqdorlarini qonunchilik hujjatlarida belgilangan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan kam bo'lmagan holda to'lashni ta'minlab, ish haqi miqdorlarini mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoriga muvofiq oshirish tavsiya etilgan.
Shuningdek, Mehnat kodeksining 245-moddasida, (https://lex.uz/docs/-6257288#-6263762) ish vaqtining oylik normasini ishlab bergan va mehnat shartnomasida belgilangan mehnat vazifasini bajargan xodimning mehnatiga haq to'lashning oylik miqdori qonunchilikda belgilangan mehnatga haq to'lashning eng kam miqdoridan kam bo'lishi mumkin emasligi belgilangan.
Yuqoridagilarga ko'ra, Siz ishlayotgan xususiy firmada shtatlar jadvali tasdiqlangan bo'lishi kerak, mazkur jadvalga asosan Sizning egallab turgan lavozimingizga to'lanishi lozim bo'lgan miqdor ko'rsatilgan bo'lishi lozim. Agarda ish joyingizda bir stavkada ishlayotgan bo'lsangiz, bir oyda sizning eng kam oylik maoshingiz 980 ming so'mdan kam bo'lmasligi, yarim stavkada ishlayotgan bo'lsangiz 490 ming so'mdan kam bo'lmasligi kerak.
Siz bir stavkada ishlayotgan bo'lsangiz, sizga to'lanayotgan 500 ming so'm oylik maoshi qonunchilikka zid hisoblanadi, bordiyu yarim stavkada ishlayotgan bo'lsangiz, sizga to'lanayotgan oylik miqdori to'g'ri.
Bunday holda Siz ish beruvchiga, ya'ni firma rahbariyatiga yozma ravishda murojaat qilib oyligingizning nima sababdan kamligini tushuntishlarini va huquqiy asoslantirishlarini so'rashingiz mumkin.
Agarda firma tomonidan berilgan javobdan qoniqmasangiz va uni huquqiy asoslantirilmagan deb hisoblasangiz, bu holatda Mehnat kodeksining 545-moddasiga (https://lex.uz/docs/-6257288#-6268737) asosan mehnat nizolari bo'yicha komissiyaga yoki bevosita sudga murojaat etishga haqlisiz.