Янгиликлар
Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish
Vazirlar Mahkamasining 2023-yil 14-avgustdagi 385-son qarori bilan “Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish va yuritish tartibi to‘g‘risida”gi nizom tasdiqlandi.
Mazkur Nizom Tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablar yagona elektron reyestrini shakllantirish, yuritish va ma’lumotlarni yangilab borish tartibini belgilaydi.
Nimozga koʻra, Yagona reyestrda tadbirkorlik faoliyati sohasidagi majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi tomonidan ochiq va umumiy foydalanish uchun joylashtiriladi.Majburiy talablarni qisqartirish va ularning Yagona reyestrini shakllantirish ishlarini tashkil etish ishchi guruh tomonidan amalga oshiriladi. O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vazirlik va idoralarning Yagona reyestrni shakllantirish bilan bog‘liq faoliyatini uslubiy ta’minlaydi, shuningdek ularning ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi.
Yagona reyestrni shakllantirish amaldagi majburiy talablar ro‘yxatini tuzish, ularni qayta ko‘rib chiqish, tartibga solish ta’sirini baholash, takrorlanuvchi va dolzarbligini yo‘qotgan talablarni bekor qilish hamda ularni tizimli shakllantirish, yuritish, yangilab borish va tadbirkorlik faoliyati subyektlariga majburiy talablar haqida axborot berish jarayonlarini o‘z ichiga oladi.
Vakolatli organlar har yili 1-martga qadar o‘z sohasidagi majburiy talablar o‘rnatilgan barcha normativ-huquqiy hujjatlar va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarni xatlovdan o‘tkazadi hamda ularning ro‘yxatini shakllantiradi.
Ro‘yxatga kiritilgan hujjatlardagi har bir majburiy talabning zarurati, asosliligi va dolzarbligi vakolatli organ tomonidan tahlil qilinadi, tahlil natijalari bo‘yicha quyidagilarni nazarda tutuvchi ma’lumotnoma tayyorlanadi belgilangan tartibda Ishchi guruhga kiritiladi:
majburiy talabning mazmuni;
majburiy talab belgilangan normativ-huquqiy hujjat (texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat) nomi, rekvizitlari, tarkibiy birligi va uning matniga havola;
majburiy talabning zarurati, asosliligi va dolzarbligi;
majburiy talabning amal qilish muddati;
majburiy talabga rioya qilishi lozim bo‘lgan tadbirkorlik sohasining O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiy faoliyat turlarining umumdavlat tasniflagichi bo‘yicha iqtisodiy faoliyati turi;
majburiy talabga rioya etilishini nazorat qilish (tekshiruvi)ning shakli, nazorat qilinadigan (litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish) faoliyat turining nomi (agar mavjud bo‘lsa);
majburiy talablarga rioya etilishi ustidan davlat nazoratini (tekshiruvini) amalga oshiruvchi vakolatli organlar;
majburiy talabga muvofiqlikni tasdiqlovchi hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar va tasdiqlovchi hujjatlarni taqdim etadigan vakolatli organ (agar mavjud bo‘lsa);
majburiy talabga rioya qilmaganlik uchun belgilangan javobgarlik choralari, uni qo‘llovchi organlar, shuningdek, javobgarlikni belgilovchi normativ-huquqiy hujjatning nomi, rekvizitlari, tarkibiy birligi va uning matniga havola;
majburiy talabga rioya qilish bo‘yicha qo‘llanmalar, ular bo‘yicha vakolatli organlarning rasmiy tushuntirishlari, nazorat qilinadigan shaxslarni xabardor qilish doirasida ishlab chiqilgan normativ tusga ega bo‘lmagan boshqa hujjatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlar (rekvizitlar, qabul qilgan vakolatli organning nomi, hujjatlarga havolalar) (agar mavjud bo‘lsa);
majburiy talabning qayta ko‘rib chiqilishi muddati;
majburiy talab natijasida tadbirkorlik subyekti uchun yuzaga keladigan moliyaviy xarajatlar.
Ishchi guruh vakolatli organlar tomonidan kiritilgan majburiy talablarni zarurati, asosliligi va dolzarbligini tanqidiy tahlil qilgan holda, ularni tartibga solish ta’sirini baholash va qisqartirish to‘g‘risida takliflar tayyorlash uchun har yili 15-martga qadar tegishli kichik ishchi guruhlarga yuboradi.
Kichik ishchi guruhlar vakolatli organlar tomonidan kiritilgan majburiy talablarning ko‘rib chiqqan holda majburiy talablarning tartibga solish ta’sirini baholaydi va hisobotini hamda ushbu talablarni qisqartirish to‘g‘risidagi takliflarni va boshqa tahliliy materiallarni har yili 1-iyulga qadar ishchi guruhga kiritadi.
Ishchi guruh majburiy talablarni qisqartirish to‘g‘risidagi takliflarni ko‘rib chiqadi va har yili 15-iyulga qadar kichik ishchi guruhlarga ularni amalga oshirish bo‘yicha tegishli topshiriqlar beradi.
Kichik ishchi guruhlar tegishli sohaga oid majburiy talablarni qisqartirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqadi va bir oy muddatda belgilangan tartibda ishchi guruhga kiritadi.
Ishchi guruh Yagona reyestrni shakllantirish doirasidagi chora-tadbirlarni amalga oshirish holati haqida axborot hamda majburiy talablarni qisqartirishni nazarda tutuvchi normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini bir oy muddatda belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi va Vazirlar Mahkamasiga kiritadi.
Vakolatli organlar qayta ko‘rib chiqilgan hamda qisqartirilgan majburiy talablar asosida sohalar bo‘yicha majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantiradi va qayta ko‘rib chiqilgandan keyin darhol O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga kiritadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi vakolatli organlar tomonidan majburiy talablar to‘g‘risidagi shakllantirilgan ma’lumotlarni uch ish kuni ichida Yagona reyestrga joylashtiradi.
Yagona reyestrni shakllantirish va yuritish bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlari quyidagilarni amalga oshiradi:
a) vakolatli organlar:
Yagona reyestrga joylashtirish uchun majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni mazkur Nizom talablariga muvofiq shakllantiradi;
majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga belgilangan tartibida va muddatlarda kiritadi;
majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirishga mas’ul bo‘lgan xodimlarning ro‘yxatini tasdiqlaydi;
majburiy talablarning zarurati, asosliligi va dolzarbligini doimiy tahlil qilib boradi;
b) O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi:
Yagona reyestrning operatori hisoblanadi hamda uning yuritilishini uslubiy ta’minlaydi, shuningdek, vakolatli organlarning ushbu sohadagi faoliyatini muvofiqlashtiradi;
Yagona reyestrning ishga tushirilishini, uning uzluksiz faoliyat ko‘rsatishini, unga texnik xizmat ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlashni tashkil qiladi;
Yagona reyestrdan tadbirkorlik faoliyati subyektlarining uzluksiz foydalanishi uchun imkoniyat yaratadi;
Yagona reyestrda joylashtirilgan ma’lumotning xavfsizligini ta’minlaydi;
majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni shakllantirish va ularni yangilab borishda vakolatli organlarga uslubiy yordam ko‘rsatadi hamda tavsiyalar ishlab chiqadi;
vakolatli organlar tomonidan shakllantirilgan majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning Yagona reyestrda joylashtirilishini ta’minlaydi;
majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni o‘z vaqtida va belgilangan tartibda taqdim etmagan, shuningdek, Yagona reyestrni shakllantirish bilan bog‘liq qonunchilik hujjatlari talablarini buzgan vakolatli organlarga nisbatan ta’sir choralarini qo‘llaydi.
Yangi joriy etilgan majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar vakolatli organlar tomonidan ular qabul qilingan kundan boshlab uch ish kuni ichida belgilangan tartibda shakllantiriladi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etiladi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlar kelib tushgan kundan boshlab uch ish kuni ichida ularni Yagona reyestrga kiritadi.
Majburiy talablar belgilangan normativ-huquqiy va texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilganda, shuningdek, ular o‘z kuchini yo‘qotgan deb topilganda vakolatli organ uch ish kuni davomida majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni yangilaydi va O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligiga taqdim etadi.
O‘zbekiston Respublikasi Adliya vazirligi uch ish kuni davomida Yagona reyestrda joylashtirilgan majburiy talablar to‘g‘risidagi ma’lumotlarga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishini ta’minlaydi.
Yagona reyestrga joylashtirilgan majburiy talablar ularning dolzarbligi va zarurati hamda joriy etilishidan ko‘zlangan maqsadlarga erishilganligi yuzasidan har besh yilda bir marta vakolatli organlar tomonidan tartibga solish ta’sirini baholagan holda qayta ko‘rib chiqiladi.
Vakolatli organ tomonidan majburiy talabni qayta ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha takliflar normativ-huquqiy hujjatlar bo‘yicha ularni qabul qiluvchi organga, texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjatlar bo‘yicha esa O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligiga belgilangan tartibda kiritiladi.
Normativ-huquqiy hujjatlarni qabul qiluvchi organ yoki O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi huzuridagi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi majburiy talabni qayta ko‘rib chiqish natijalari bo‘yicha uni o‘z kuchida qoldirish, o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida bir oy ichida qaror qabul qiladi.
Majburiy talabni o‘zgartirish yoki bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qilingan taqdirda, vakolatli organ belgilangan tartibda normativ-huquqiy hujjat yoxud texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi normativ hujjat loyihasini qarorda nazarda tutilgan muddatlarda ishlab chiqish va qabul qilish choralarini ko‘radi.
Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarni bajarmaganlik uchun javobgarlik belgilanmaydi, shuningdek, vakolatli organlar tomonidan Yagona reyestrga kiritilmagan majburiy talablarning bajarilishini tekshirish taqiqlanadi.