Bog'lanish

Telefon
(+998 66) 233-13-59

Elektron manzil
samarqand@adliya.uz

Habarni yuborish
Ishonch telefoni 1008

Янгиликлар

30

Ijtimoiy masalaga oqilona yondashuv


Ijtimoiy masalaga oqilona yondashuv

Mamlakatimizda keyingi yillarda aholiga, eng avvalo, qishloq joylarida munosib uy-joy sharoitlarini yaratish, ularning mulk huquqlari ishonchli himoya qilinishini ta’minlashga oid keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Bu Yangi O‘zbekistonda inson sha’ni va qadr-qimmati, huquq va erkinliklari, qonuniy manfaatlari oliy qadriyat sifatida ulug‘lanayotganidan dalolat.

2024 yil 5 avgustda qabul qilingan “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonun bu boradagi ishlarni yangi bosqichga olib chiqmoqda. Shu kunlarda ana shunday yer uchastkalari va ularda qurilgan bino va inshootlarga bo‘lgan huquqlar e’tirof etilib, egalik huquqi berilish jarayonlari boshlandi.

Samarqand viloyati kadastr organlari tomonidan dastlabki xatlov natijalariga ko‘ra, viloyatda 400 mingdan ortiq fuqaroning o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan bino va inshootlarga nisbatan huquqlari e’tirof etilmagan. Ayni paytda mutaxassislar tomonidan viloyat bo‘yicha 58 mahallada ko‘chmas mulk ob’ektlari xatlov yo‘li bilan texnik inventarizatsiyadan o‘tkazilib, ularning elektron xaritalari yaratildi. Viloyat bo‘yicha jami 13089 ta ob’ekt UZCAD axborot tizimida elektron yig‘majild shakllantirish uchun migratsiya qilinib, ulardan 9851 tasi faollashtirildi hamda 7432 ta ob’ekt haqidagi ma’lumotlar “E’tirof” axborot tizimiga kiritildi. Bugunga qadar Samarqand viloyat adliya boshqarmasi tomonidan 30 ta ko‘chmas mulkka nisbatan ijobiy xulosa berilib, ular Xalq deputatlari viloyat Kengashi tomonidan tasdiqlandi.

Ayni paytda Payariq tumanidagi 3 ta mahallaning 1225 ta ko‘chmas mulk ob’ekti xatlovdan o‘tkazilmoqda. Bugungacha tumandagi 1055 ta ob’ekt UZCAD axborot tizimiga kiritilib, 651 tasi faollashtirilishiga erishildi. Shuningdek, 500 dan ziyod ob’ekt ma’lumotlari “E’tirof” axborot tizimiga kiritildi. Mazkur ob’ektlarning 6 tasiga nisbatan e’tirof etilgan egalik huquqi hujjati adliya va kadastr mas’ullari tomonidan joyiga chiqqan holda o‘z egalariga topshirildi.

Tumanning chekka hududlaridan biri bo‘lgan Guliston mahallasida 930 ta shunday ob’ekt bo‘lib, 695 tasi yakka tartibdagi turarjoy, 49 tasi noturar joy, 186 tasi ochiq yer uchastkasi hisoblanadi.

Xatlov jarayonlari tumandagi Bahor mahallasida ham boshlangan Davlat kadastrlari palatasi Payariq tuman filiali xodimlari 490 ta yakka tartibdagi turarjoy, 14 ta noturar joy, 62 ta ochiq yer uchastkasida jarayonni olib borishmoqda.

Qonunning xalqchilligi shundaki, fuqaro hamda tadbirkorlarning kadastr idoralariga yoki boshqa bir davlat idoralariga murojaat qilishlari shart emas. Qonunga asosan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda unda qurilgan bino- inshootlar reja-jadvalga muvofiq vakolatli tashkilotlarning hududiy bo‘linmalari vakillaridan iborat ishchi guruhlar tomonidan mahallama-mahalla, kerak bo‘lsa, uyma-uy yurib xatlovdan o‘tkaziladi va axborot tizimiga kiritiladi. Bunda fuqarolar ortiqcha ovoragarchiliklarsiz tegishli egalik huquqi hujjatini qo‘lga kiritadi, bu bo‘yicha qaysidir davlat idoralariga murojaat qilishlari talab etilmaydi.

Ayni paytda Samarqand viloyati bo‘yicha muhokamadagi hujjatlar soni 5 mingdan, jamoatchilikka e’lon qilinganlari 1 mingdan, adliya organlari tomonidan ko‘rib chiqilayotganlari 170 dan ziyodni tashkil etadi. Yil yakuniga qadar 333 ta mahallada xatlov ishlari olib borilishi belgilangan.