Янгиликлар
18
Samarqandda 2025-yilning 6 oyida 700 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Samarqandda 2025-yilning 6 oyida 700 mingdan ortiq davlat xizmatlari ko‘rsatildi
Samarqand viloyati adliya boshqarmasi tomonidan joriy yilning 18-iyul kuni matbuot anjumani tashkil etildi. Unda Samarqand viloyat adliya boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Maqsud Qurbonov viloyatda davlat xizmatlari ko‘rsatilishi, FHDY sohasida amalga oshirilgan ishlar, huquqbuzarlik holatlari hamda tadbirkorlik subyektlarini ro‘yxatdan o‘tkazish holati yuzasidan ma’lumot berildi.
Ta’kidlandiki, 2025-yilning 6 oyida Samarqand viloyatidagi davlat xizmatlari markazlari tomonidan 709 733 ta davlat xizmati ko‘rsatilgan. Shundan 277 336 ta xizmat onlayn – my.gov.uz portali orqali, 432 397 ta xizmat esa markazlar orqali amalga oshirilgan. Shuningdek, 100 678 ta murojaat turli sabablarga ko‘ra rad etilgan.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi yuzasidan o‘tkazilgan monitoringlar natijasida 5 536 ta qonunbuzilish holati aniqlanib, ularning asosiy qismi xizmat muddatlarini buzish, ortiqcha hujjat talab qilish va murojaatlarni asossiz rad etish holatlaridan iborat bo‘ldi. Bu holatlar yuzasidan mutasaddi rahbarlar nomiga 46 ta taqdimnoma, 922 ta ogohnoma yuborilgan, 242 nafar shaxsga bayonnoma rasmiylashtirilib, 25 nafar mansabdor shaxs intizomiy javobgarlikka tortilgan.
Shu bilan birga, joriy yilning birinchi yarim yilligida 10 012 ta tadbirkorlik subyekti davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan. Ularning 3 447 tasi yuridik shaxs, 6 565 tasi yakka tartibdagi tadbirkor sifatida faoliyat yuritmoqda.
Markazlar orqali o‘tgan davrda 9 382 ta ID-karta, 27 894 ta xorijga chiqish biometrik pasporti hamda 34 927 ta milliy haydovchilik guvohnomasi rasmiylashtirilib berildi.
— 2025-yil o‘tgan davrida davlat xizmatlari sohasida qator yangiliklar joriy etildi, — dedi M.Qurbonov. — Jumladan, “Adliya-QR” axborot tizimi joriy qilindi va bu fuqarolarga Face-ID orqali ariza ma’lumotlarini tasdiqlash, ariza natijalarini ko‘rish va xizmat sifatini baholash imkonini bermoqda. Shaxsni yuz qiyofasi orqali aniqlash tizimi ham yo‘lga qo‘yildi — hujjat taqdim etmasdan xizmat olish imkoni yaratildi. 11 ta davlat xizmati xususiy sektorga o‘tkazilmoqda. “Odil” nomli sun’iy intellekt asosidagi chat-bot ishga tushirilib, davlat xizmatlari bo‘yicha onlayn maslahat olish imkoni yaratildi. Elektron xizmatlar sonini 1000 tagacha ko‘paytirish, biznesni boshlashda kompozit xizmatini 50 taga oshirish, 20 ta “proaktiv” va 65 ta “kompozit” xizmat joriy etish rejalashtirilgan.
FHDY sohasida esa 6 oy mobaynida 49 435 ta tug‘ilish, 10 041 ta o‘lim, 10 534 ta nikoh va 2 264 ta nikohdan ajralish holati qayd etilgan. Nikohlarning 187 tasi chet el, 209 tasi MDH davlatlari fuqarolari bilan tuzilgan. Tug‘ilishlar soni bo‘yicha Samarqand shahri va Urgut tumani yuqori ko‘rsatkich qayd etdi.
⚡️Matbuot anjumanida ishtirok etgan OAV vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar.
????Kanalga ulanish:????https://t.me/qonun_va_huquq