Янгиликлар
Sun’iy intellektga asoslangan “Odil” chat-boti u haqda nimalarni bilasiz?
Sun’iy intellektga asoslangan “Odil” chat-boti u haqda nimalarni bilasiz?
Adliya vazirligi tomonidan davlat xizmatlari bo‘yicha “Odil” chat-boti yaratildi. Telegram messenjeriga integratsiyalashgan va sun’iy intellektga asoslangan chat-bot fuqarolarga davlat xizmatlari haqidagi ma’lumotlardan foydalanishni osonlashtirish uchun yaratilgan.
Uning ishga tushirilishi “1148” ishonch telefoni operatorlari yukini sezilarli darajada kamaytirish va foydalanuvchilarning so‘rovlariga real vaqt rejimida tezkor javob berish imkonini yaratadi.
Ma’lumot uchun, “1148” ishonch telefoni orqali 2024-yilda fuqarolarning 135 mingga yaqin qo‘ng‘irog‘i qabul qilingan. Shundan qariyb 128 mingta murojaat yoki 95 foiziga mutaxassislar tomonidan huquqiy tushuntirish berilgan.
Chat-botning qanday imkoniyatlari bor?
▫️Davlat xizmatlaridan foydalanish tartiblari, talablar va jarayonlar haqida batafsil ma’lumotni taqdim etadi.
▫️Kerakli hujjatlar va arizalarni topishga yordamlashadi.
▫️Qaysi masala bo‘yicha qayerga murojaat qilishni tushuntiradi.
Kelajakda chat-botning funksional imkoniyatlari va faoliyat doirasini kengaytirish ko‘zda tutilgan.
Chat-botning afzalliklari:
- Oson va qulay — hujjatlarni varaqlab chiqish shart emas, barcha zarur ma’lumotlar bir joyda.
- Tezkor va samarali — bot sizga kerakli maslahat va javoblarni bir zumda taqdim etadi.
- Doimiy takomillashish — sun’iy intellekt foydalanuvchilar taklif va fikrlari asosida rivojlanib boradi.
Umuman, davlat xizmatlari markazlari va my.gov.uz orqali bir qator davlat xizmatlari yanada oson bo‘ldi!
* Yer ijaraga olganingizdayoq — dehqon xo‘jaligingiz avtomatik ro‘yxatdan o‘tadi!
* Fermer xo‘jaligingizni reyestrga kiritish, o‘zgartirish yoki chiqarish — hammasi bir tugma orqali! (DXM va my.gov.uz orqali)
* Fermer xo‘jaligingiz tugatilsa, uni reyestrdan chiqarish uchun alohida murojaat qilish shart emas — bu ham avtomatik bo‘ladi.
* Tashkilot tugatilganda soliq, statistika va Xalq bankiga siz emas, tizimning o‘zi xabar beradi! (ilgari uch ish kuni ichida edi)
* Tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatish jarayoni ham to‘liq raqamlashtiriladi — barcha organlar 1 ish kunida xabardor qilinadi.
* Tadbirkorlik sub’yektlari bo‘lmagan ayrim yuridik shaxslarni ixtiyoriy tugatishda tugatuvchi o‘zining tugatuvchi etib belgilanganligini elektron tarzda kelishadi.
* "Kredit tarixi" endi yuridik shaxslarga ham beriladi. Narxi esa arzonroq: BHMning 5 foizi o‘rniga 4 foiz bo‘ldi!
Rustam NORQULOV,
Samarqand shahar adliya bo‘limi davlat
xizmatlari markazi bosh mutaxassisi